"O'tkan kunlar" Abdulla Qodiriy

Abdulla Qodiriy — Julqunboy

 Oʻtgan kunlar – oʻzbek yozuvchisi Abdulla Qodiriy qalamiga mansub oʻzbek adabiyotidagi ilk roman. 1969-yil "O'zbekfilm" kinostudiyasida ushbu roman asosida "O'tkan kunlar"  nomli film suratga olingan. Adib romanni yozishda arab yozuvchisi Jurji Zaydon  asarlaridan ilhomlangan. Roman 1920-yillar boshida yozilgan boʻlib, 1922-yil ilk bor „Inqilob“ jurnalida chop etilgan va 1926-yilda alohida kitob holida nashr etilgan. 

Syujet

Roman XIX asr voqealarini oʻz ichiga olgan. Murakkab tarixiy hodisalar romanning bosh qahramonlari Otabek va Kumushbibining fojiaviy sevgi qissasi atrofida ifodalangan. Voqealar rivoji mahalliy hukmdorlarning hokimiyat uchun qonli kurashlari muhitida kechadi. Boshqa yirik epik asarlardagi kabi „Oʻtkan kunlar“da ham hikoyanavislikning koʻp planliligi, ikkilamchi sujetlar mavjudligi, ketma-ket avj oluvchi va fojiali yakun topuvchi voqealar mavjud.Ilgʻor fikrlarni olgʻa suruvchi Otabek obrazi romanning gʻoyaviy va kompozitsion markazi hisoblanadi. U savdodagi eskirgan iqtisodiy munosabatlarga qarshi chiqib, oila va turmush muammolariga yangi qarashga amal qiladi. Adabiyotshunoslar Abdulla Qodiriy oʻz qahramoni nomidan oʻzining shaxsiy oʻy-fikrlarini soʻzlagan, deb bilishadi. Yozuvchi bir vaqtning oʻzida oʻzbek ayolining taqdirini ham kuzatib boradi. Ayrim anʼanalar, jumladan, koʻpxotinlik, Kumush va Zaynabning oʻrtasida oʻlimga olib boruvchi xusumatga sabab boʻladi. Yozuvchi goʻzal, Otabekka boʻlgan sevgi bilan ayrim qiyinchiliklarni yengib oʻtuvchi Kumush obrazini yaratadi. Biroq asar fojia bilan yakunlanadi: Kumushbibi kundoshi tomonidan zaharlab oʻldiriladi, Otabek esa vatanini himoya qilaman deb vafot etadi. 

Yozuvchidan 

Modomiki, biz yangi davrga oyoq qoʻydiq, bas, biz har bir yoʻsunda ham shu yangi davrning yangiliklari ketidan ergashamiz va shunga oʻxshash dostonchiliq, roʻmonchiliq va hikoyachiliklarda ham yangarishgʻa, xalqimizni shu zamonning „Tohir-Zuhra“lari, „Chor darvesh“lari, „Farhod-Shirin“ va „Bahromgoʻr“lari bilan tanishdirishka oʻzimizda majburiyat his etamiz. Yozmoqgʻa niyatlanganim ushbu — „Oʻtkan kunlar“ yangi zamon roʻmonchiligʻi bilan tanishish yoʻlida kichkina bir tajriba, yana toʻgʻrisi bir havasdir. Ma'lumki, har bir ishning ham yangi — ibtidoiy davrida talay kamchiliklar bilan maydongʻa chiqishi, ahllarining yetishmaklari ila sekin-sekin tuzalib, takomulga yuz tutishi tabi'iy bir holdir. Mana shuning daldasida havasimda jasorat etdim, havaskorlik orqasida kechaturgan qusur va xatolardan choʻchib turmadim. Moziygʻa qaytib ish koʻrish xayrlik, deydilar. Shunga koʻra mavzu'ni moziydan, yaqin oʻtkan kunlardan, tariximizning eng kirlik, qora kunlari boʻlgʻan keyingi „xon zamonlari“dan belguladim.

Abdulla Qodiriy — Julqunboy