Bugungi kunda mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani barchamiz uchun katta quvonch va yuksak masʼuliyatdir. Prezidentimiz tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyilgan “Milliy kitobxonlik harakati” dasturi nafaqat yoshlarni kitob oʻqishga undovchi loyiha, balki xalqimizning maʼnaviy tafakkurini yuksaltirishga xizmat qiladigan ulkan maʼrifiy harakatdir. Ayniqsa, ushbu tashabbusning Birlashgan Arab Amirliklari bilan doʻstlik va strategik sheriklik asosida yangi bosqichga olib chiqilayotgani, xalqaro tajribalar bilan uygʻun holda amalga oshirilayotgani uning nufuzi va ahamiyatini yanada oshiradi. Har yili Prezident darajasida oʻtkaziladigan final bosqichi hamda yuksak mukofotlar jamiyatimizda kitobxonlikka boʻlgan eʼtiborni yanada kuchaytiradi. Ellikqal'a tumani Axborot-kutubxona markazi jamoasi, kitobxon yoshlar, jamiki aholi nomidan ushbu ezgu tashabbusni chin dildan qoʻllab-quvvatlaymiz va maqsad sari xizmat qilamiz. Chunki kitob — inson tafakkurini boyitadigan, qalbni tarbiyalaydigan va jamiyat taraqqiyotini taʼminlaydigan eng buyuk maʼnaviy kuchdir. Bugun bolalar qoʻliga kitob berish — ertangi kun poydevorini mustahkamlash demakdir. Bizning asosiy maqsadimiz — yoshlar oʻrtasida mutolaa madaniyatini keng targʻib qilish, kitobxonlikni kundalik hayot ehtiyojiga aylantirish va har bir oilada maʼrifiy muhitni mustahkamlashdir. Zero, kitob oʻqigan, ilm-maʼrifatga intilgan jamiyat hech qachon ortda qolmaydi. “Ilmdan boshqa najot yoʻq” degan hikmat bugungi kunda yanada chuqur maʼno kasb etmoqda. Ishonamizki, “Milliy kitobxonlik harakati” xalqimizning maʼnaviy yuksalishi, yoshlarimizning intellektual salohiyati va Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshadi. Ellikqal'a tumani axborot kutubxona markazi direktoʻri:Maqsuda Djumaniyazova
Eng so`ngi yangiliklar va e`lonlarimizni kuzatib borish imkoniyati!
Ish vaqti: Dush-Shan 9⁰⁰-17⁰⁰
Qoraqalpog`iston Respublikasi Bo'ston sh. Xalqlar Do'stligi 3 uy
© Copyright all right reserved by Isoftware Company